O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Farmoniga ko‘ra, mustaqillikning 34 yilligi munosabati bilan turli soha vakillari davlat mukofotlariga sazovor bo‘ldi. Ular orasida ekologiya va turizm rivojiga katta hissa qo‘shib kelayotgan xodimlar ham bor.

Surxondaryo viloyati Jarqo‘rg‘on tumanidagi “Oqtepa” ov xo‘jaligi boshlig‘i Aleksandr Fedin hamda O‘zbekiston davlat san’at muzeyi direktori, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi a’zosi Vasila Fayziyeva “Do‘stlik” ordeni bilan taqdirlandilar.
Aleksandr Fedin 1989-yildan buyon cho‘l hududida o‘rmon barpo etib, 84 gektar maydonni yashil maskanga aylantirdi. Bu hududda O‘zbekiston Qizil kitobiga kiritilgan 50 turdagi daraxt va 12 turdagi jonivor mavjud. U ilmiy tadqiqotlar uchun xorijlik olimlarni jalb etib kelmoqda va har yili aholiga minglab bepul ko‘chat tarqatmoqda.

Vasila Fayziyeva esa ekologik madaniyatni yuksaltirish va turizm salohiyatini targ‘ib qilishda faol. U bir qator xalqaro ko‘rgazmalarda ishtirok etib, tabiatni asrash va noyob hayvonot olamini keng targ‘ib etishga hissa qo‘shdi. Jumladan, Samarqandda o‘tgan CMS COP14 konferensiyasi doirasida tashkil etilgan “Ko‘chib yuruvchi noyob hayvonot olami” ko‘rgazmasida uning faoliyati alohida e’tirofga sazovor bo‘ldi.
Ma’lumot uchun, Aleksandr Fedin va Vasila Fayziyeva 2023-yilda Ekologiya vazirligi tomonidan “Tabiat himoyachisi” ko‘krak nishoni bilan ham taqdirlangan.
Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vaziri Aziz Abduhakimov ularni samimiy tabriklab, soha rivojiga qo‘shayotgan fidokorona mehnatlari uchun minnatdorlik bildirdi.
Sizda shikoyat, taklif yoki murojaat bormi? Bizga @demokratuz_aloqabot orqali murojaat qiling!