Jahon, Madaniyat

Pekinda SHHT mamlakatlari madaniy merosi ko‘rgazmasi boshlandi

Pekinda SHHT mamlakatlari madaniy merosi ko‘rgazmasi boshlandi

Pekin shahridagi Xitoy Milliy muzeyida “Yorug‘ sivilizatsiyalar yulduzlari: SHHT mamlakatlari milliy muzeylari madaniy merosi” nomli ko‘rgazma ish boshladi. Tadbir Shanxay hamkorlik tashkiloti sammiti (31 avgust – 1 sentyabr, Tyanszin) munosabati bilan tashkil etildi.

Ko‘rgazmada O‘zbekiston, Xitoy, Belarus, Eron, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Pokiston, Rossiya va Tojikiston milliy hamda tarixiy muzeylari vakillari ishtirok etmoqda.

“Shanxay ruhi” tamoyili — “sivilizatsiyalar xilma-xilligiga hurmat va birgalikda rivojlanishga intilish” shiori ostida o‘tayotgan ekspozitsiya uchun a’zo davlatlarning 10 muzeyi va madaniy muassasasidan 220 noyob eksponat tanlab olindi. Ular turli sivilizatsiyalar tarixi, rivojlanishi va o‘zaro aloqalarini yoritadi.

Ko‘rgazmada O‘zbekiston Tarixi davlat muzeyi va Davlat san’at muzeyi fondlaridan 27 eksponat taqdim etildi. Unda eng qadimgi davrlardan XIX–XX asrlarga qadar bo‘lgan madaniy meros namunalari mujassam.

Xitoy Milliy muzeyi dunyodagi eng yirik muzeylardan biri bo‘lib, Pekinning markazidagi Tyananmen maydoni sharqida joylashgan. 2003 yilda tashkil etilgan muzey kolleksiyasi 5 ming yillik tarixni qamrab oladi: bronza buyumlar, chinni, xattotlik, rassomlik, budda haykallari, hujjatlar hamda Xitoyning yangi tarixiga oid eksponatlar namoyish etilmoqda.