27-avgust kuni Toshkent shahrida O‘zbekiston Milliy muzeyi qurilishiga bag‘ishlangan marosim bo‘lib o‘tdi. Unda Prezident Shavkat Mirziyoyev poydevorga tamal toshi qo‘ydi.

Davlat rahbariga inshoot loyihasi, qurilish bosqichlari va xususiyatlari haqida ma’lumot berildi. Muzey Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi shafeligida Yaponiyaning “Tadao Ando Architect & Associates” arxitektura byurosi hamda Germaniyaning “Atelier Brückner” kompaniyasi tomonidan loyihalashtirilgan. Qurilish ishlarini Xitoyning “CSCEC International Construction” kompaniyasi olib boradi.

Muzey tashqi qiyofasida Sharq va G‘arb madaniyatini uyg‘unlashtirgan aylana, to‘rtburchak va uchburchak shakllar mujassam bo‘ladi. Majmua 40 ming kvadrat metr maydonni egallab, 3 qavatli muzey, 2 qavatli yerto‘la, ko‘rgazma zallari, kutubxona, restavratsiya laboratoriyalari va boshqa yordamchi xonalardan iborat bo‘ladi. Bir vaqtning o‘zida 10 mingga yaqin eksponatni namoyish qilish imkoniyati yaratiladi.

– Bu muzey uch ming yillik boy tariximizni xalqimizga, dunyo hamjamiyatiga va kelajak avlodga yetkazadigan ilm-ma’rifat va madaniyat maskani bo‘ladi. Yangi majmua xalqimizga mulk bo‘lib qoladi va yurtimizning jahon taraqqiyotidagi o‘rnini yanada yorqinroq ko‘rsatadi, – dedi Prezident.

Ta’kidlanishicha, hozirda Toshkentdagi muzeylarda 1 milliondan ortiq eksponat mavjud, ammo ularning katta qismi joy yetishmasligi sababli namoyishga qo‘yilmagan. Yangi muzey bu muammoni hal qilishga xizmat qiladi.
Majmua kelajakda Luvr, Metropolitan va Britaniya muzeylari bilan hamkorlik qilib, xalqaro ko‘rgazmalar tashkil etishi rejalashtirilmoqda.
Sizda shikoyat, taklif yoki murojaat bormi? Bizga @demokratuz_aloqabot orqali murojaat qiling!