Xitoy prezidenti Si Szinpin mamlakat qurolli kuchlarida Mao davridan keyingi eng katta kadrlar tozalashini boshladi, deb xabar bermoqda Bloomberg.
Ma’lumotlarga ko‘ra, Si Szinpinga uchinchi prezidentlik muddati davomida 79 generalning 14 nafari jamoatchilik ko‘zidan g‘oyib bo‘lgan yoki tergov ostiga olingan. Avvalgi rahbarlar davrida esa 20 yil mobaynida bunday ko‘lamdagi holatlar kuzatilmagan.
Markaziy harbiy kengashda yetti a’zodan faqat to‘rt nafari qoldi. Bu Mao Szedun davridan keyingi eng past ko‘rsatkich hisoblanadi.
Eng yuqori lavozimidan chetlatilgan shaxs — MHK raisining o‘rinbosari Xe Veydun. Uning g‘oyib bo‘lishi sabablariga oid rasmiy ma’lumot berilmagan. OAVda korruptsiya ehtimoli haqida xabarlar tarqalgani bilan rasmiy tasdiq yo‘q.
Tahlilchilar fikricha, Si Szinpin armiyada repressiyalar orqali shaxsiy hokimiyatini kuchaytirmoqda. Shu bilan birga, bu jarayon qurolli kuchlarning jangovar tayyorgarligiga, ayniqsa Tayvan atrofidagi ehtimoliy mojaro sharoitida, salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin.
Sizda shikoyat, taklif yoki murojaat bormi? Bizga @demokratuz_aloqabot orqali murojaat qiling!