O‘zbekiston

Qatag‘on qurbonlari yod etildi

Qatag‘on qurbonlari yod etildi

Shahidlar xotirasi xiyobonida qatag‘on qurbonlarini yod etish marosimi bo‘lib o‘tdi. Unda Prezident Shavkat Mirziyoyev ishtirok etdi.

– Har yili Mustaqillik bayrami arafasida Vatan ozodligi yo‘lida jon fido etgan ota-bobolarimiz haqlariga duo qilamiz. Vatan uchun, millat uchun, xalq uchun kurashgan qahramon ajdodlarimiz jasorati biz uchun doimo ibrat maktabi bo‘lib qoladi, – dedi davlat rahbari.

Ma’lumki, o‘sha mash’um yillarda 100 mingdan ziyod begunoh vatandoshimiz qatag‘on qilingan. Minglab yurtdoshlarimiz “xalq dushmani” degan nohaq ayblov bilan otib tashlangan, undan ham ko‘pi surgun qilingan. Ularning ortidan minglab ayollar beva, bolalar yetim bo‘lib qolgan. Oradan qariyb bir asr o‘tgan bo‘lsa-da, o‘sha mudhish davrni chuqur iztirob bilan esga olamiz.

Bular bugungi erkin hayotimizni yanada qadrlashga, mustaqillikni mustahkamlashga undashi ta’kidlandi.

– So‘nggi sakkiz yilda 1 ming 200 dan ziyod jafokash bobolarimiz nomi oqlandi. “Qatag‘on qurbonlari xotirasi” muzeyi rekonstruksiya qilinib, minglab yangi hujjatlar bilan to‘ldirildi. Hududlarda ham shunday muzeylar tashkil etildi. Bu yil jadidchilik harakatining yo‘lboshchisi Mahmudxo‘ja Behbudiy tavalludining 150 yilligini nishonlayapmiz. Buxoro shahrida Jadidlar merosi davlat muzeyi tashkil qilinmoqda, – dedi Shavkat Mirziyoyev.