Iqtisod

O‘zbekiston quyosh va shamoldan 7 mlrd kVt·soat elektr oldi

O‘zbekiston quyosh va shamoldan 7 mlrd kVt·soat elektr oldi

O‘zbekistonda yil boshidan buyon quyosh va shamol elektr stansiyalari tomonidan 7 mlrd kVt·soat elektr energiyasi ishlab chiqarildi. Bu haqda Energetika vazirligi ma’lum qildi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, mamlakatda umumiy quvvati 4 582 MVt bo‘lgan 12 ta quyosh va 4 ta shamol stansiyasi faoliyat yuritmoqda. Hisobot davrida ishlab chiqarilgan energiyaning 4,36 mlrd kVt·soati quyosh, 2,64 mlrd kVt·soati esa shamol stansiyalariga to‘g‘ri keladi.

Natijada 2,1 mlrd kub metr gaz tejalib, atmosferaga chiqarilishi mumkin bo‘lgan 2,94 mln tonnadan ortiq zararli gazlar kamaytirilgan.

Shuningdek, yil boshidan buyon gidro, quyosh va shamol stansiyalari jami 11,9 mlrd kVt·soat elektr ishlab chiqargan bo‘lib, bu mamlakat umumiy elektr generatsiyasining 21,5 foizini tashkil etdi.

Mutaxassislarning hisob-kitobiga ko‘ra, mazkur hajmdagi energiya 7,4 mln xonadonning 8 oylik yoki 4,9 mln xonadonning yillik ehtiyojini qoplashga teng.