O‘zbekiston fuqarolari 2025-yil 25-sentyabrdan boshlab Iordaniyaga vizasiz borishi mumkin. Bu ma’lumotni Tashqi ishlar vazirligi matbuot kotibi Ahror Burxonov tasdiqladi.
Unga ko‘ra, O‘zbekiston va Iordaniya o‘rtasida vizasiz rejimni joriy etish to‘g‘risidagi bitim imzolanganidan 30 kun o‘tib kuchga kiradi. O‘zbekiston fuqarolari Iordaniyada 30 kungacha vizasiz qolish huquqiga ega bo‘ladi.
26-avgust kuni prezident Shavkat Mirziyoyev va Iordaniya podshohi Abdulla II ibn al-Husayn muzokaralari davomida ikki mamlakat o‘rtasida vizasiz tartib joriy etilishi ishbilarmonlik aloqalari va o‘zaro turizm oqimining oshishiga xizmat qilishi ta’kidlangan edi.
Ayni paytda ikki davlat o‘rtasida diplomatik pasport egalari uchun vizasiz tartib amal qilib kelmoqda. Bu boradagi bitim 2025-yil 3-fevral kuni Ommon shahrida imzolangan va prezidentning 2025-yil 30-iyuldagi qarori bilan tasdiqlangan.
Sizda shikoyat, taklif yoki murojaat bormi? Bizga @demokratuz_aloqabot orqali murojaat qiling!