Turkmaniston hukumati mamlakatda sigaret chekish 2025-yil oxirigacha butunlay taqiqlanishini ma’lum qildi. Bu haqda Arab News rasmiy manbalarga tayanib xabar berdi.
Aholisi qariyb 7 million bo‘lgan mamlakat dunyoda chekuvchilar soni eng kam bo‘lgan davlatlardan biri sanaladi. Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti ma’lumotiga ko‘ra, Turkmanistonda chekuvchilar aholining atigi 4 foizini tashkil etadi.
Chekishga qarshi dastlabki tashabbus 2022-yilda sobiq prezident Gurbanguli Berdimuhammedov tomonidan ilgari surilgan edi. Keyingi yillarda sigaretga solinadigan yuqori soliq, qat’iy cheklovlar va jamoat joylarida chekish taqiqlangani sababli kashandalar soni yanada kamaygan. Amaldagi qonunchilikka ko‘ra, chekish uchun 200 manatgacha (taxminan $57) jarima belgilangan.
Shuningdek, mamlakatda maxsus maslahat markazlari tashkil etilib, chekuvchilarga bepul yordam ko‘rsatilmoqda. Mahalliy aholining so‘zlariga ko‘ra, ayrim kashandalar jarimaga tortilmaslik uchun shaharda kuzatuv kameralari yo‘q joylarda chekishga urinmoqda.
Turkmaniston hukumati sigaret olib kirishga ham keskin cheklovlar joriy qilgan. Ba’zi hududlarda qutilar ommaviy ravishda yoqib yuborilmoqda. Narxlar ham ancha yuqori: bir quti sigaret 50–170 manat (14–48 dollar) atrofida bo‘lib, bu mamlakatdagi o‘rtacha oylik maoshning salmoqli qismini tashkil qiladi.
Sizda shikoyat, taklif yoki murojaat bormi? Bizga @demokratuz_aloqabot orqali murojaat qiling!