Toshkent shahridagi barcha umumta’lim maktablarida 10 va 11-sinf o‘quvchilari uchun maxsus kuzatuv kameralari o‘rnatiladi. Bu poytaxt hokimining qarorida belgilangan.
Dastlab “Smart School” elektron dasturi Olmazor tumanida sinov tariqasida joriy etiladi. Unga ko‘ra, 31 ta maktabning 250 ta sinfida kuzatuv tizimi o‘rnatiladi.
Kameralar orqali ta’lim sifati muntazam nazorat qilinadi, o‘quvchilar davomati kuzatib boriladi, ularning ruhiy holati sun’iy intellekt yordamida tahlil qilinadi. Shuningdek, o‘quvchilarning fanlarga qiziqishi va o‘qituvchilarning pedagogik salohiyati ham baholanadi.
Qarorga muvofiq, kameralar tuman mahalliy byudjeti mablag‘lari hisobidan o‘rnatiladi. Ushbu tashabbus Toshkent shahar hokimining yoshlar siyosati, ijtimoiy rivojlantirish va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari tomonidan ilgari surilgan.
Sizda shikoyat, taklif yoki murojaat bormi? Bizga @demokratuz_aloqabot orqali murojaat qiling!