Iqtisod, Jahon

O‘zbekiston – Xitoy biznes-forumida qariyb 4 milliard dollarlik sarmoyaviy bitimlar imzolandi

O‘zbekiston – Xitoy biznes-forumida qariyb 4 milliard dollarlik sarmoyaviy bitimlar imzolandi

O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Pekinga tashrifi doirasida O‘zbekiston – Xitoy biznes-forumi bo‘lib o‘tdi. Unda umumiy qiymati qariyb 4 milliard AQSH dollariga teng sarmoyaviy bitim va shartnomalar imzolandi.

Toshkent shahar hokimining o‘rinbosari Sharof Rahmonovning ta’kidlashicha, Prezidentning Pekinga tashrifi azaldan yaqin hamkor bo‘lib kelgan ikki davlat munosabatlarini yangi bosqichga olib chiqishda muhim o‘rin tutadi. SHHT doirasida kengaytirilgan formatda o‘tadigan tadbirlar esa xalqaro miqyosda katta qiziqish uyg‘otmoqda.

Rahmonovning aytishicha, Toshkent shahri hokimligi tashrif arafasida XXRning bir qator viloyatlarida bo‘lib, Pekin, Shanxay, Chendu, Xefey va boshqa shaharlar bilan yaqin hamkorlikni yo‘lga qo‘ydi. Mazkur hududlarda sheriklik shartnomalari, yo‘l xaritalari va qo‘shma loyihalarni amalga oshirish rejalari imzolandi.

Biznes-forumda xitoylik tadbirkorlar faol ishtirok etib, O‘zbekiston bozoriga qiziqish bildirgan. Natijada Toshkent shahar hokimligi tomonidan savdo-ko‘ngilochar majmualar, mehmonxona majmualari, shuningdek, infratuzilma loyihalari bo‘yicha kelishuvlar imzolandi.

Xususan, drenaj tizimini rekonstruksiya qilish, yo‘l o‘tkazgichlar va avtomobil yo‘llarini modernizatsiya qilish, transport infratuzilmasini yangilash kabi loyihalar amalga oshiriladi. Toshkent shahar elektr tarmog‘i uchun oltita yangi podstansiya qurilishi, keyinchalik ularning kengaytirilishi hamda 200 megavatt quvvatga ega quvvatlantirish stansiyasi barpo etilishi rejalashtirilgan.

Shuningdek, Toshkent shahrining ayrim hududlarida “Disneylend” tipidagi yirik ko‘ngilochar bog‘lar va akvaparklar qurish loyihalari ham investitsiya paketiga kiritilgan. Mazkur loyihalar nafaqat poytaxt aholisi uchun qulayliklar yaratadi, balki xorijiy sayyohlarning oqimini ham oshirishi kutilmoqda.