Jahon, Siyosat

Erdoʻgʻon: “BMT jiddiy islohotga muhtoj”

Erdoʻgʻon: “BMT jiddiy islohotga muhtoj”

Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdoʻgʻon BMTni zamonaviy sharoitlarda samarali faoliyat yurita oladigan darajada tubdan isloh qilish zarurligini taʼkidladi. Bu haqda u Xitoyda oʻtayotgan Shanxay hamkorlik tashkiloti sammitining kengaytirilgan yigʻilishida nutq soʻzlagan.

“BMT jiddiy islohotga muhtoj. Hurmatli doʻstim, BMT bosh kotibi Antoniu Guterrishning barcha saʼy-harakatlariga qaramay, 80 yil avvalgi sharoitda shakllangan BMT tizimi Yaqin Sharqda zulmga barham bera oladimi yoki qoidalarga asoslangan xalqaro tartibni saqlab qola oladimi, degan savolga javob topish qiyin. Bizning vazifamiz – BMTni koʻp yillardan beri Falastin xalqiga nisbatan sodir etilayotgan vahshiyliklar qarshisida global adolatni ifodalovchi platformaga aylantirishdir”, — dedi Erdoʻgʻon.

Turkiya rahbari Gʻazoda 23 oydan beri chaqaloqlar, bolalar va qariyalar oʻlayotganini eslatib, bu vahshiylikni toʻxtata olmagan xalqaro hamjamiyatning ojizligini oqlab boʻlmasligini bildirdi.

Shuningdek, Erdoʻgʻon Suriyaning hududiy yaxlitligi va siyosiy birligini saqlash muhimligini qayd etib, Turkiya bundan buyon ham qoʻshni mamlakat xavfsizligiga tahdid soladigan urinishlarga qarshi turishini maʼlum qildi.

Avvalroq Turkiya prezidenti Isroilning Gʻazodagi qirgʻinini genotsid deb atagan va Suriyaning boʻlinishiga yoʻl qoʻymasligini taʼkidlagan edi.