Jahon, Madaniyat

Pekinda O‘zbekiston Turizm ofisi ochildi

Pekinda O‘zbekiston Turizm ofisi ochildi

2025-yil 1-sentabr kuni Pekinda O‘zbekiston Turizm ofisi tantanali ravishda ish boshladi. Tadbir O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasidagi oliy darajadagi tashrif doirasida o‘tkazilib, ikki tomonlama strategik sheriklikni mustahkamlashga qaratildi.

Marosimda Turizm qo‘mitasi raisi Umid Shadiyev, Xitoyning yirik sayyohlik kompaniyalari vakillari hamda rasmiy mehmonlar qatnashdi. Nutqlarda yangi ofis turizm aloqalarini rivojlantirish, sayyohlik kompaniyalariga hamkorlikda ko‘maklashish va xorijiy investorlarga imkoniyatlar haqida ma’lumot berishda muhim rol o‘ynashi ta’kidlandi.

So‘nggi yillarda O‘zbekiston–Xitoy hamkorligi yangi bosqichga ko‘tarildi: 2025-yil 1-iyundan ikki mamlakat o‘rtasida 30 kunlik vizasiz rejim joriy etildi, haftasiga 50 dan ortiq aviaqatnovlar yo‘lga qo‘yildi. Bu ko‘rsatkichni yaqin yillarda 100 reysgacha oshirish rejalashtirilmoqda.

Bundan tashqari, 2025-yil «Xitoyda O‘zbekiston turizm yili» deb e’lon qilindi. Shu doirada O‘zbekiston delegatsiyalari Xitoyning yirik shaharlarida roudshowlar va ko‘rgazmalarda ishtirok etmoqda.

O‘zbekiston tomoni 2030-yilga kelib Xitoydan tashrif buyuruvchi sayyohlar sonini 3 million nafarga yetkazishni maqsad qilgan. Pekindagi Turizm ofisi esa ushbu maqsad sari qo‘yilgan muhim qadam bo‘ldi.