Madaniyat

Samarqand Registoni: tarix va musiqa uyg‘unligi

Samarqand Registoni: tarix va musiqa uyg‘unligi

Samarqandning yuragi hisoblangan Registon maydoni 1-sentyabr kuni o‘ziga xos tarixiy sahnaga aylandi. Dunyoning eng mashhur tenorlaridan biri Andrea Bocelli qadimiy madrasalar fonida konsert berib, tinglovchilarga unutilmas lahzalarni tuhfa etdi.

Ochiq osmon ostidagi konsert nafaqat musiqiy bayram, balki O‘zbekistonning boy madaniy merosini jahon auditoriyasiga tanituvchi ramziy voqea bo‘ldi. Tomoshabinlar qadimiy shaharning me’moriy go‘zalligi va zamonaviy ijodkorlik uyg‘unligidan ilhom oldilar.

Tadbirda jahonning turli davlatlaridan jurnalistlar, blogerlar, sayohatchilar hamda kreativ soha vakillari ishtirok etdi. Bu esa Samarqandni xalqaro turizm va madaniyat maydonida yangi markaz sifatida namoyon qildi.

Mutaxassislarning ta’kidlashicha, bunday tashabbuslar O‘zbekistonning jahon madaniy turizmi xaritasidagi mavqeini kuchaytiradi, madaniyat va kreativ industriyalarning barqaror iqtisodiy rivojlanishga xizmat qiluvchi kuchli omil ekanini ko‘rsatadi.