Jamiyat

Xorazmda daraxt va saksovullarni noqonuniy qo‘porib shikastlagan fuqarolarga jarima belgilandi

Xorazmda daraxt va saksovullarni noqonuniy qo‘porib shikastlagan fuqarolarga jarima belgilandi

Xorazm viloyati Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi boshqarmasi hamda tuman ekologiya bo‘limlari tomonidan o‘tkazilayotgan nazorat reydlari davomida bir nechta huquqbuzarlik holatlari aniqlandi.

Xususan, Xonqa tumanida fuqaro B.A. tomonidan davlat zaxira yerlarida o‘sib turgan 35 tup terak daraxti ildiz qismlari kovlanib, shikastlangan. Mazkur holat yuzasidan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 79-moddasi 1-qismi bilan bayonnoma rasmiylashtirilib, huquqbuzarga 10 million 300 ming so‘m jarima hamda tabiatga yetkazilgan zarar bilan birga jami 37 million so‘m tovon belgilandi.

Shuningdek, Tuproqqalʼa tumanida yashovchi T.CH. va T.S. tomonidan saksovul o‘simliklari noqonuniy tarzda qazib olinib, sotish maqsadida tayyorlanganligi aniqlandi. Ularga nisbatan ham MJtKning 79-moddasi 1-qismi bilan bayonnoma rasmiylashtirilib, jami 37 million 904 ming so‘m jarima belgilandi.

Yangiariq tumanida esa fuqaro J.O. tabiiy holda o‘sib turgan saksovulni chopib, “Zil 53” rusumli yuk mashinasiga ortayotganida qo‘lga olindi. Huquqbuzar 10 million 300 ming so‘m jarimaga tortildi va tabiatga yetkazilgan zarar bilan birga jami 11 million 536 ming so‘m tovon to‘laydigan bo‘ldi.

Ekologiya vazirligi bunday huquqbuzarliklar qonun bo‘yicha qat’iy javobgarlikka sabab bo‘lishini yana bir bor eslatib o‘tmoqda.