Jinoyat, Yangiliklar

Angrenda IIB tergovchisi qamoqqa olindi

Angrenda IIB tergovchisi qamoqqa olindi
Oplus_16777216

Angren shahrida IIB tergovchisi pora olayotganda qo‘lga olindi. Bu haqda Davlat xavfsizlik xizmati matbuot xizmati xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, Toshkent viloyati Angren shahar IIB huzuridagi Tergov bo‘limi katta tergovchisi o‘z yurituvida bo‘lgan tekshiruv ishi doirasida fuqaroga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atmaslik evaziga 10 ming dollar talab qilgan.

Davlat xavfsizlik xizmati, Bosh prokuratura huzuridagi Departament va Ichki ishlar vazirligi shaxsiy xavfsizlik bosh boshqarmasi xodimlari hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbirda tergovchi so‘ralgan puldan 5 ming dollarni olayotganda ashyoviy dalillar bilan ushlangan.

Holat yuzasidan unga nisbatan Jinoyat kodeksining 210-moddasi (pora olish) 2-qismi “b” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, qamoqqa olish ehtiyot chorasi qo‘llanilgan. Hozirda tergov harakatlari davom etmoqda.

Eslatib o‘tamiz, bundan avval Namangan shahar hokimi 60 ming dollar pora bilan qo‘lga olingan, Andijonda esa hokim o‘rinbosari porani dacha ko‘rinishida talab qilganlikda ayblanib, unga jinoyat ishi qo‘zg‘atilgandi.

Jinoyat kodeksiga ko‘ra, pora olish uchun 50 baravaridan 100 baravarigacha BHM miqdorida jarima, muayyan huquqlardan mahrum qilish, shuningdek 5 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi belgilangan.