AQSH mudofaa vaziri Pit Xegset mamlakati Venesuela prezidenti Nikolas Maduroni hokimiyatdan ag‘darish bo‘yicha qaror qabul qilishi mumkinligini aytdi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, bu qaror prezident Donald Tramp darajasida qolmoqda, biroq AQSH armiyasi bunday operatsiya uchun barcha resurslarni ishga solishga tayyor.
Xegset Maduroni “narkotik savdosi bilan shug‘ullanuvchi davlat boshlig‘i” deb atab, uning qo‘lga olinishi uchun AQSH 50 million dollar mukofot e’lon qilganini eslatdi.
2-sentyabr kuni AQSH harbiylari Karib dengizining janubida Venesueladan giyohvand moddalar ortilgan qayiqni cho‘ktirdi. Trampning aytishicha, kema bortida Maduro manfaatlariga xizmat qiluvchi “Tren de Aragua” guruhining “narkoterrorchilari” bo‘lgan. Zarba oqibatida 11 kishi halok bo‘ldi.
Bu hodisa kengroq harbiy kampaniyaning bir qismi sifatida baholanmoqda. Avgust oxirida Tramp mintaqaga raketa kreyseri, uchta esminets, suv osti kemasi va 4,5 ming askardan iborat desant kuchlarini yuborishga farmon bergan edi.
Venesuela hukumati esa bunday qadamlarni “tajovuzkor akt” deb atadi. Prezident Maduro BMT bosh kotibi Antoniu Guterrishga murojaat qilib, mamlakat suverenitetini himoya qilishni so‘radi hamda armiyani jangovar shay holatga keltirishni buyurdi.
Sizda shikoyat, taklif yoki murojaat bormi? Bizga @demokratuz_aloqabot orqali murojaat qiling!