Qashqadaryo viloyati Shahrisabz tumanida 33 yoshli kelin qaynonasini pichoqlab oʻldirdi. Bu haqda Bosh prokuratura axborot xizmati xabar berdi.
Maʼlumotlarga koʻra, voqea 2025-yil 1-sentyabr kuni “Yangiqishloq” mahallasida sodir boʻlgan. Soat 13:00 larda mahallada yashovchi N.B. oʻzaro kelishmovchilik sababli qaynonasi, 60 yoshli Z.N.ga oshxona pichogʻi bilan tan jarohati yetkazib, uning oʻlimiga sabab boʻlgan.
Qotillik haqida huquqni muhofaza qilish organlariga ayolning oʻzi xabar bergan.
Muhokamalarda maʼlum boʻlishicha, ayol turmushga chiqqach, eri Rossiyada boshqa ayolga uylanganidan xabar topgan. Keyinchalik eri uni qaytarib kelgan, biroq farzandli boʻlmagach, erining aytgan gaplari kelinni ruhiy bosimga solgan. Natijada kelin eridan qasd olish niyatida boʻlib, gʻazabini qaynonasidan olgan.
Mazkur holat yuzasidan Shahrisabz tumani prokuraturasi tomonidan Jinoyat kodeksining 97-moddasi 1-qismi (qasddan odam oʻldirish) bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilgan. Gumonlanuvchi Jinoyat-protsessual kodeksining 221-moddasi tartibida ushlangan.
Sizda shikoyat, taklif yoki murojaat bormi? Bizga @demokratuz_aloqabot orqali murojaat qiling!