Ilm-fan

Maktab bitiruvchilarining OTMga grant asosida kirish ko‘rsatkichi 5 baravar oshdi

Maktab bitiruvchilarining OTMga grant asosida kirish ko‘rsatkichi 5 baravar oshdi

O‘zbekistonda 2025-yilgi maktab bitiruvchilarining oliy ta’lim muassasalariga kirish imtihonlarida maksimal ball olish ko‘rsatkichi keskin oshdi. Bu haqda Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi xabar berdi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, bu yil 619 nafar bitiruvchi eng yuqori natija — 189 ballni qo‘lga kiritgan. Davlat granti kvotasining 84,2 foizi (29 881 nafar) joriy yil bitiruvchilariga nasib etdi. Bu o‘tgan yilga nisbatan 7,2 foizga ko‘pdir.

Bu yil maktabni 438 869 nafar o‘quvchi tamomlagan bo‘lib, ularning 75 foizi test sinovlarida ishtirok etgan. Davlat OTMlariga qabul qilingan bitiruvchilar soni oxirgi uch yilda 3,5 foizga oshgan.

Hududlar kesimida OTMga kirish bo‘yicha eng yuqori ko‘rsatkich Navoiy (48,4 foiz), Buxoro (38,2 foiz) va Jizzax (32,4 foiz) viloyatlarida qayd etildi. O‘rtacha ball ko‘rsatkichlari bo‘yicha esa Buxoro viloyati 96 ball bilan yetakchilik qildi.

Joriy yilgi kirish imtihonlarida jami 614 ming 768 nafar abituriyent qatnashdi, bu o‘tgan yilga nisbatan 122 mingtaga kamdir. Test topshirganlarning 41,29 foizi minimal o‘tish bali — 56,7 ballni to‘play olmadi.