Prezident Shavkat Mirziyoyev 5-sentyabr kuni adliya tizimida davlat xizmatlarini kengaytirish bo‘yicha taqdimot bilan tanishdi.
Ma’lum qilinishicha, kelgusi uch yilda davlat xizmatlari soni 900 taga yetkaziladi. Har yili 80 ta xizmat soddalashtiriladi, aholiga qulaylik yaratish uchun 1 100 ta interaktiv kiosk o‘rnatiladi.
Fuqarolardan 30 turdagi hujjatlarni talab qilish to‘xtatiladi. Masalan, nikohlanuvchilar tibbiy ko‘rigi yoki harbiy xizmatga majburlarning turar joyi haqidagi ma’lumotlar endi so‘ralmaydi, balki axborot tizimlari orqali onlayn olinadi.
Notariuslarda 20 ta harakat onlayn tarzda rasmiylashtiriladi, shaxsni tasdiqlash esa Face-ID orqali amalga oshiriladi.
Shuningdek, sud ekspertizasi faoliyatida yangi yo‘nalishlar joriy qilinadi. Avtohalokat joyini 3D modellashtirish, foto va video ekspertiza kabi xizmatlar bosqichma-bosqich tatbiq etiladi.
Taqdimot yakunida davlat xizmatlarini soddalashtirish va raqamlashtirish bo‘yicha yangi farmon va qarorlar imzolandi.
Sizda shikoyat, taklif yoki murojaat bormi? Bizga @demokratuz_aloqabot orqali murojaat qiling!