Jamiyat, Madaniyat

Tabiat himoyachilarining farzandlari va nabiralari uchun kontrakt to‘lovi qoplab beriladi

Tabiat himoyachilarining farzandlari va nabiralari uchun kontrakt to‘lovi qoplab beriladi

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 16-avgustdagi 514-sonli qaroriga muvofiq, sanitar tozalash va obodonlashtirish sohasida kamida 10 yil sadoqat bilan mehnat qilgan xodimlar o‘rtasida “Tabiat uyg‘unligi himoyachisi” tanlovi o‘tkaziladi.

Tanlovda chiqindilarni yuklash, tashish, joylashtirish va saralash hamda tozalash ishlari bilan shug‘ullanib kelayotgan fidoyi xodimlar ishtirok etadi.

Tanlovning navbatdagi bosqichi 2025-yil 1-sentabrda boshlanadi. G‘oliblar esa 8-dekabr — O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilingan kun arafasida aniqlanib, taqdirlanadi. Eng muhimi, g‘oliblarning davlat oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga kirgan farzandlari yoki nabiralarining kontrakt to‘lovi davlat tomonidan qoplab beriladi.

Tanlovda qatnashish uchun arizalar 2025-yil 30-sentabr kuni soat 17:00ga qadar info@sanitation.uz elektron pochta manziliga yoki Chiqindilarni boshqarish va sirkulyar iqtisodiyotni rivojlantirish agentligining Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar boshqarmalariga yuborilishi lozim.

Mazkur tashabbus uzoq yillar davomida tozalik va obodonchilik yo‘lida fidokorona xizmat qilib kelayotgan soha xodimlarini e’zozlash, ularning oila a’zolari uchun qulay imkoniyatlar yaratish hamda farzandlarining bilimli va ziyoli kadrlar bo‘lib yetishishiga zamin yaratishga xizmat qiladi.

Shuningdek, tanlov orqali ekologik madaniyatni targ‘ib qilish, chiqindilarni boshqarishning xavfsiz tizimini rivojlantirish va inson salomatligini asrash maqsad qilingan.

Qo‘shimcha ma’lumot olish uchun 1205 va 1275 qisqa raqamlariga murojaat qilish mumkin.