Prezident raisligida o‘tkazilgan yig‘ilishda ta’lim va fan sohasida amalga oshiriladigan ustuvor vazifalar muhokama qilindi.

Yig‘ilishda “Yangi avlod” maktabgacha ta’lim tashkilotlari tarmog‘i tashkil etilishi belgilandi. Shuningdek, iqtisodiyot tarmoqlarining hozirgi va kelgusi ehtiyojlaridan kelib chiqib, texnika hamda muhandislik yo‘nalishlarini rivojlantirish vazifasi qo‘yildi.
Shu maqsadda Ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasalari agentligi tizimida 14 ta hududda muhandislik maktablari tashkil etiladi. Ushbu maktablarda o‘quvchilar imtihon asosida saralab olinadi va ta’lim Davlat byudjeti hisobidan moliyalashtiriladi. O‘quv jarayoni 5 yillik STEM modeli asosida yo‘lga qo‘yilib, “Yangi O‘zbekiston” universiteti va Mirzo Ulug‘bek nomidagi ixtisoslashtirilgan maktab tajribasi asosida olib boriladi.
2026-yildan boshlab, umumta’lim maktablari o‘rtasida Prezident sovrini uchun “Ilg‘or muhandislik maktabi” milliy tanlovi o‘tkazilishi rejalashtirilgan.
Yig‘ilishda tabiiy fanlarni o‘qitishni kuchaytirish masalasiga ham alohida e’tibor qaratildi. Shu maqsadda barcha hududlarda ixtisoslashtirilgan maktablar tashkil etilib, Toshkent shahridagi Abu Ali ibn Sino nomidagi maktab tayanch maskan sifatida belgilandi.
Shuningdek, Toshkent shahrida N.E.Bauman nomidagi Moskva davlat texnika universiteti filiali, “ToshTech” texnika universiteti va Olmaliq davlat texnika instituti faoliyatini yo‘lga qo‘yish masalasi ham ko‘rib chiqildi.
Yig‘ilishda pedagogika sohasini rivojlantirish, yoshlarni bu sohaga jalb etish maqsadida Abdulla Avloniy nomidagi davlat stipendiyasi ta’sis etilishi e’lon qilindi. U bakalavriatning 3–4-kurs talabalari uchun mo‘ljallangan bo‘lib, yoshlarni o‘qishga va ilmiy izlanishlarga undaydi.
Shu bilan birga, ilmiy darajali kadrlar tayyorlash tizimini takomillashtirish, doktorantura kvotalarini mamlakat rivojlanishining ustuvor yo‘nalishlari asosida belgilash, Fanlar akademiyasi faoliyatini kuchaytirish bo‘yicha ham topshiriqlar berildi.
Davlat rahbari ilgari surilgan takliflarni ma’qullab, tegishli hujjatlarni imzoladi.
Sizda shikoyat, taklif yoki murojaat bormi? Bizga @demokratuz_aloqabot orqali murojaat qiling!