Qatar poytaxti Dohada Hamasning yuqori martabali amaldorlari va Falastin rasmiylari nishonga olingani aytilmoqda.
Bu — G‘azo bo‘yicha o‘t ochishni to‘xtatish muzokaralarida vositachi bo‘lib kelayotgan, mintaqada AQSHning eng yirik harbiy bazasi joylashgan davlatga Isroil tomonidan berilgan ilk shunday zarba sifatida baholanmoqda.
Xabarlarga ko‘ra, hujum Hamas delegatsiyasi AQSHning so‘nggi sulh taklifini muhokama qilayotgan paytda sodir bo‘lgan. “Al-Jazira” manbasiga ko‘ra, aynan muzokarachilar guruhi nishonga olingan.
Qatar Tashqi ishlar vazirligi vakili Majid Al-Ansoriy bayonotida ushbu voqea keskin qoralandi. “Al-Hadath” telekanalining yozishicha, zarba berilgan binoda Hamas siyosiy byurosining bir necha a’zolari bo‘lgan.
Manbalarga ko‘ra, hujumda G‘azo sektoridagi Hamas rahbari, muzokara guruhi rahbari Xalil Al-Hayyo, xorijdagi vakolatxona rahbari Xolid Mash’al, G‘arbiy Sohildagi qo‘mondon Zohir Jabarin va siyosiy byuro a’zosi Nizor Audolloh halok bo‘lgan. Rahbariyatning yana bir a’zosi G‘ozi Hamad ham binoda bo‘lgani aytilmoqda, biroq uning taqdiri noma’lum.
Hamas bu ma’lumotlarni hozircha rasman tasdiqlamadi. Isroil armiyasi esa faqatgina Hamas rahbariyatiga zarba berilganini e’lon qildi, ammo hujum qayerda amalga oshirilganini aniq ochiqlamadi.
Qatar rasmiylari Isroilni ayblab, hujum oqibatida oddiy aholi ham xavf ostida qolganini ta’kidladi. Isroil esa Doha poytaxtiga zarba berganini rasman tasdiqlamagan.
Sizda shikoyat, taklif yoki murojaat bormi? Bizga @demokratuz_aloqabot orqali murojaat qiling!