Siyosat

Sovuq qurolni o‘zini himoya qilish uchun olib yurganlarga ham chora ko‘riladi

Sovuq qurolni o‘zini himoya qilish uchun olib yurganlarga ham chora ko‘riladi

So‘nggi vaqtlarda sovuq qurolni noqonuniy ravishda olib yurish holatlari ortib bormoqda. Bu esa jamoat xavfsizligi va fuqarolarning tinch hayotiga jiddiy xavf tug‘dirayotgani ta’kidlanmoqda.

Ayrim shaxslar javobgarlikka tortilganidan keyin ham yana sovuq qurol bilan qo‘lga tushayotgani qonunchilikni kuchaytirishni talab etmoqda.

Shu bois deputatlar tomonidan “xavfsiz muhit”ni ta’minlashga qaratilgan qonun loyihasi ishlab chiqilib, quyi palata majlisida muhokamaga qo‘yildi.

Hujjatga muvofiq, sport yoki xo‘jalik ishlaridan tashqari, o‘zini himoya qilish maqsadida sovuq qurol olib yurish holati bir yil ichida qayta takrorlansa, javobgarlik kuchaytiriladi. Shuningdek, qurolni g‘ilofsiz olib yurish ham huquqbuzarlik sifatida baholanadi.

Loyiha, shuningdek, oilaviy zo‘ravonlik sodir etganlarga qurol olish huquqini bermaslik, bolalarga nisbatan zo‘ravonlik qilganlardan mavjud qurollarni vaqtincha olib qo‘yish tartibini belgilashni ham o‘z ichiga olgan.

Yana bir muhim o‘zgarish — narkologik kasallikka chalingan shaxslarni davolash bilan bog‘liq. Endilikda, bir marta ma’muriy javobgarlikka tortilgan fuqaro ham sud qarori bilan majburiy davolanishga yuborilishi mumkin bo‘ladi.

Muhokamalar yakunida qonun loyihasi birinchi o‘qishda ma’qullandi.