Prezident raisligida ta’lim tizimini isloh qilish masalalariga bag‘ishlangan yig‘ilishda yangi ko‘p qavatli uylar qurilishida aholi sonidan kelib chiqib bolalar bog‘chalari barpo etishni quruvchilar uchun majburiy qilib belgilash taklifi ilgari surildi.
So‘nggi 8 yilda maktabgacha ta’lim muassasalarida 2,5 millionta qo‘shimcha o‘rin yaratilgan bo‘lib, qamrov darajasi 78 foizga yetdi. Kelgusi yillarda har yili qo‘shimcha 20 mingta o‘rin tashkil etilishi rejalashtirilmoqda.
Mutaxassislar tayyorlashda o‘rta maxsus ma’lumotga ega kadrlar uchun dual ta’lim tizimi joriy etilib, malaka oshirish dasturlari kengaytiriladi.
Maktabgacha ta’lim qamrovi 80 foizdan past bo‘lgan hududlarda xususiy sektor faoliyati qo‘llab-quvvatlanadi. Tadbirkorlarga faoliyat yo‘nalishini saqlagan holda yer uchastkalari bepul ajratiladi va 7 yilgacha imtiyozli kreditlar taqdim etiladi.
Shuningdek, 2026–2028-yillarda mamlakatning 14 hududida “Yangi avlod” nomli maktabgacha ta’lim muassasalari tarmog‘i tashkil etilib, bolalarni rivojlantirish bo‘yicha innovatsion markazlar faoliyati yo‘lga qo‘yiladi.
Sizda shikoyat, taklif yoki murojaat bormi? Bizga @demokratuz_aloqabot orqali murojaat qiling!