Buyuk Britaniyada mavsumiy qishloq xo‘jaligi ishlari uchun o‘zbekistonliklarni jalb etish bo‘yicha onlayn ro‘yxatdan o‘tish 15-sentyabr kuni soat 13:30 da boshlanib, 21-sentyabr kuni 22:00 da yakunlanadi. Bu haqda Migratsiya agentligi xabar berdi.
Ma’lumotga ko‘ra, ish haqi soatiga 12,21 funt sterling (hozirgi kurs bo‘yicha 16,55 AQSH dollari) qilib belgilangan. Haftasiga kamida 32 soatlik ish yuklamasi mavjud. Viza to‘lovi 319 funtni tashkil qiladi, aviachiptaning narxi esa valyuta kursi va xarid vaqtiga qarab belgilanadi.
Dasturda 18 yoshdan katta, rus tilini yaxshi biladigan, jismoniy va ruhiy sog‘lom fuqarolar ishtirok etishi mumkin. Ayollar arizalari alohida qo‘llab-quvvatlanadi.
Tanlov uch bosqichda o‘tkaziladi:
1. Onlayn ro‘yxatdan o‘tish — qatnashishga qiziqishni bildiradi, biroq keyingi bosqichga o‘tishni kafolatlamaydi.
2. Onlayn test — 2025-yil 1–2-oktyabr kunlari o‘tkaziladi.
3. Oflayn suhbat — saralangan nomzodlar uchun tashkil etiladi.
Migratsiya agentligi jarayon mutlaqo bepul amalga oshirilishini ta’kidladi. Fuqarolardan turli shaxslar yoki firmalarning pul evaziga ish takliflariga aldanmaslik so‘raldi. Bunday holatlar aniqlansa, arizalar ko‘rib chiqilmaydi.
Sizda shikoyat, taklif yoki murojaat bormi? Bizga @demokratuz_aloqabot orqali murojaat qiling!