Jahon, Madaniyat

“O‘zbekiston–Pokiston virtual turizm forumi” bo‘lib o‘tdi

“O‘zbekiston–Pokiston virtual turizm forumi” bo‘lib o‘tdi

O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi huzuridagi Turizm qo‘mitasi hamda Pokiston Turizmni rivojlantirish korporatsiyasi hamkorligida ilk bor “O‘zbekiston va Pokiston o‘rtasida turizmni rivojlantirish yo‘lida B2B aloqalarni chuqurlashtirish” mavzusida virtual turizm forumi o‘tkazildi.

Forumda Turizm qo‘mitasi vakillari, Pokiston Bosh vazirining turizm bo‘yicha koordinatori Sardar Yasir Ilyas Xan, Pokiston Turizmni rivojlantirish korporatsiyasi rahbari Aftab ur Rehman Rana, O‘zbekistonning Pokistondagi elchisi A. Tuxtaev, Pokistonning O‘zbekistondagi elchisi A. Faruk, shuningdek, ikki davlatning turistik uyushmalari rahbarlari va 50 dan ortiq turistik kompaniyalar ishtirok etdi.

Ishtirokchilar mamlakatlar o‘rtasida turizm sohasidagi hamkorlik oxirgi yillarda yangi bosqichga ko‘tarilganini ta’kidladilar. Xususan, Pokiston shaharlarida o‘tkazilgan “roud-shou” tadbirlari, Toshkentda o‘tkazilgan forum va “Uzbekistan Airways” tomonidan Islomobod hamda Lahorga to‘g‘ridan-to‘g‘ri aviaqatnovlarning yo‘lga qo‘yilgani ikki tomonlama turistik oqimni sezilarli oshirgan.

Forum davomida taqdimotlar, “B2B” uchrashuvlar va amaliy hamkorlik istiqbollari muhokama qilindi. Yakunda ikki davlat turizm sohasi tadbirkorlari uchun “O‘zbekiston–Pokiston sayyohlik operatorlari tarmog‘i”ni tashkil etishga kelishildi.

Shuningdek, barcha ishtirokchilar joriy yil noyabr oyida Toshkentda bo‘lib o‘tadigan “Ipak yo‘lida turizm” Toshkent xalqaro turistik yarmarkasida qatnashishga taklif etildi.