Mamlakatimizda aholining ijtimoiy qo‘llab-quvvatlanishi va davlat xizmatlarining ko‘lami kengayib bormoqda.
Bugungi kunda 9 toifadagi shaxslar shahar yo‘lovchi transportidan bepul foydalanish huquqiga ega. So‘nggi yillarda ushbu imtiyoz yolg‘iz keksalar, nogironligi bo‘lgan shaxslar hamda “O‘zbekiston Respublikasi faxriy donori” ko‘krak nishoni bilan taqdirlangan fuqarolarga ham tatbiq etildi.
Endilikda parlamentda ko‘rib chiqilayotgan yangi qonun loyihasiga ko‘ra, I guruh nogironligi bo‘lgan shaxslar va ularga hamrohlik qiluvchi bir nafar fuqaro, shuningdek Ikkinchi jahon urushi nogironlariga tenglashtirilgan shaxslar ham bepul qatnov huquqiga ega bo‘lishi ko‘zda tutilmoqda.
Shu bilan birga, hujjatda davlat organlari mansabdor shaxslarining xususiy tashuvchilar faoliyatiga aralashishi qat’iy cheklab qo‘yilgan. Bunday holat faqat tabiiy yoki texnogen xususiyatga ega favqulodda vaziyatlarda amalga oshirilishi mumkinligi belgilangan.
Qonun loyihasi parlament quyi palatasida birinchi o‘qishda qabul qilindi. Mutaxassislarning ta’kidlashicha, ushbu hujjat ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlarni qo‘llab-quvvatlash va fuqarolarga davlat xizmatlarini kengaytirishga xizmat qiladi.
Sizda shikoyat, taklif yoki murojaat bormi? Bizga @demokratuz_aloqabot orqali murojaat qiling!