Joriy yil 7-noyabrdan 7-dekabrga qadar Samarqand shahrida “Samarqand – 2025” IV xalqaro tosh haykaltaroshlik simpoziumi o‘tkaziladi. O‘zbekiston Badiiy ijodkorlar uyushmasida tanlovga taqdim etilgan loyihalarni saralash jarayoni bo‘lib o‘tdi.
Simpozium O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi, O‘zbekiston Badiiy akademiyasi hamda Badiiy ijodkorlar uyushmasi hamkorligida tashkil etilmoqda.
Bu yilgi anjuman BMTning “Yo‘q bo‘lib ketish xavfi ostidagi yovvoyi fauna va flora turlarining xalqaro savdosi to‘g‘risidagi konvensiyasi” (CITES) Tomonlar konferensiyasining 20-yig‘ilishiga (COP-20) bag‘ishlanadi. U san’at ustalarini birlashtirib, tajriba almashish, madaniy muloqot va tabiatni asrash g‘oyalarini ilgari surish uchun muhim maydon vazifasini bajaradi.
Tanlovga 53 mamlakatdan 175 nafar haykaltarosh 300 dan ortiq loyiha taqdim etdi. Hakamlar hay’ati qaroriga ko‘ra, Samarqandda 16 loyiha amalga oshiriladi. Ulardan 14 tasi xorijlik, 4 tasi o‘zbekistonlik mualliflarga tegishli. Ishtirokchilar orasida O‘mon, Eron, Turkiya, Hindiston, Buyuk Britaniya, Gruziya, Xitoy, Yaponiya va O‘zbekiston san’atkorlari bor.
Simpoziumning bosh mavzusi — “Bizning sayyoramiz – bizning uyimiz”. Asarlarda dolzarb ekologik masalalar, tabiatni muhofaza qilish va barqaror kelajakni shakllantirishda insonning mas’uliyati yoritiladi. Tanlovda ishlarning professional darajasi, mavzuga mosligi hamda keng jamoatchilik uchun ochiq “Public Art” formatida namoyish etish imkoniyati inobatga olindi.
Saralangan loyihalar san’at va ijtimoiy ahamiyatni uyg‘unlashtirgan holda, ona sayyoramizni asrab-avaylash zarurati haqida dolzarb chaqiriq bo‘lib xizmat qiladi.
Sizda shikoyat, taklif yoki murojaat bormi? Bizga @demokratuz_aloqabot orqali murojaat qiling!