Jahon

Netanyaxu: “Falastin davlati hech qachon bo‘lmaydi. Bu yer bizniki”

Netanyaxu: “Falastin davlati hech qachon bo‘lmaydi. Bu yer bizniki”

Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyaxu G‘arbiy Sohilda yangi aholi punktlarini barpo etish rejasini tasdiqladi. Unga ko‘ra, minglab yangi uy-joylar qurilishi va mintaqada isroilliklar soni ikki barobarga oshirilishi ko‘zda tutilmoqda.

“Biz Falastin davlati tuzilishiga yo‘l qo‘ymaslik haqidagi va’damizni bajaramiz. Bu yer bizniki”, — deya bayonot berdi Netanyaxu Maale Adumim posyolkasiga tashrifi chog‘ida.

Loyihaga ko‘ra, Quddus sharqidagi “E1” nomli hududda 3400 ta yangi uy qurilishi rejalashtirilgan. Bu G‘arbiy Sohilning katta qismini Sharqiy Quddusdan ajratib qo‘yishi mumkin. Sharqiy Quddus esa falastinliklar uchun kelajakdagi davlatning poytaxti sifatida muhim ahamiyatga ega.

Falastin prezidenti matbuot kotibi Nabil Abu Rudeyne Netanyaxu qarorlarini keskin tanqid qilib, poytaxti Sharqiy Quddus bo‘lgan Falastin davlati mintaqada tinchlikning kaliti ekanini ta’kidladi. U ikki davlat yechimi “muqarrar” ekanini qayd etdi va BMTga a’zo 149 davlat allaqachon Falastinni tan olganini eslatdi.

E1 loyihasining umumiy qiymati qariyb 1 milliard dollar bo‘lib, ilgari AQSH va Yevropa davlatlarining e’tirozlari sabab bir necha marta to‘xtatilgan. Xalqaro hamjamiyat bu reja kelajakdagi tinchlik jarayoniga jiddiy putur yetkazishidan xavotir bildirmoqda.