Jahon

Turkmanistonning sobiq bosh prokurori qamoqda vafot etdi

Turkmanistonning sobiq bosh prokurori qamoqda vafot etdi

Turkmanistonning sobiq bosh prokurori Qurbonbibi Otajonova 78 yoshida Dosho‘g‘iz ayollar koloniyasida vafot etdi. U umrining so‘nggi 19 yilini panjara ortida o‘tkazdi.

Otajonova 1997–2006 yillarda bosh prokuror lavozimida ishlagan va prezident Saparmurod Niyozovning eng ishonchli amaldorlaridan biri bo‘lgan. Uning rahbarligi davrida prokuratura jazo tizimiga aylangani, ayniqsa 2002-yilda Niyozovga uyushtirilgan suiqasd urinishidan so‘ng yuzlab odamlar qattiq ta’qibga uchragani aytiladi.

Huquq faollari bu qatag‘onlarni sovet davridagi Yejov va Beriya davridagi ta’qiblarga qiyoslagan.

2006-yil aprelida Otajonova Vazirlar Mahkamasi majlisida hibsga olinib, korrupsiya va noqonuniy boylik orttirishda ayblandi. Uning 13 ta turar joyi, g‘isht zavodi, tegirmoni, avtoparki va olti million dollardan ortiq mablag‘i musodara qilindi, barcha unvon hamda davlat mukofotlaridan mahrum etildi.

Shu yilning dekabrida u qizi bilan birga Dosho‘g‘iz koloniyasiga jo‘natilib, «xalq dushmanlari» qarindoshlari uchun mo‘ljallangan maxsus blokda saqlangan.