Jahon

Afg‘onistonda internet to‘liq o‘chirildi

Afg‘onistonda internet to‘liq o‘chirildi

29-sentabrdan boshlab Afg‘oniston hududida internet to‘liq o‘chirildi. Bu haqda NetBlocks xalqaro veb-monitoring xizmati ma’lum qildi.

Xabarlarga ko‘ra, “Tolibon” axloqiy me’yorlarni mustahkamlash choralarini ko‘rishga qaror qilgani sababli tongdan boshlab internet tarmoqlari bosqichma-bosqich uzila boshlagan. Hozirda telefon xizmatlari ham ishlamayotgani aytilmoqda.

Natijada xalqaro axborot agentliklari, jumladan BBC News, Qobuldagi ofislari bilan aloqani yo‘qotgan. Mobil internet va sputnik televideniyesida jiddiy uzilishlar kuzatilmoqda. Qobul aeroportida ayrim reyslar bekor qilingan. Shuningdek, optik tolali internet xizmatlari soat 17:00 atrofida ishdan chiqqani qayd etilgan.

“Tolibon” bundan avval internetdagi pornografiya va axloqiy me’yorlarga zid kontent borasida xavotir bildirgan edi. Bir necha hafta oldin esa mamlakatning turli viloyatlarida yuqori tezlikdagi optik tolali internetni o‘chirish boshlangan. Shundan beri foydalanuvchilar internetning sekinlashgani yoki butunlay ishlamay qolganidan shikoyat qilib kelmoqda.

ToloNews telekanali xabariga ko‘ra, internet Afg‘onistonda hali ham ishlamayapti. “Tolibon” vakillari esa vaziyat yuzasidan izoh bermagan.