Jamiyat

Rishtonda fermer uyiga bostirib kirgan IIB xodimlari bo‘yicha o‘rganish boshlandi

Rishtonda fermer uyiga bostirib kirgan IIB xodimlari bo‘yicha o‘rganish boshlandi

Rishton tumanida IIB xodimlari mahalliy fermer uyiga bostirib kirib, unga bosim o‘tkazgani haqidagi videolar ijtimoiy tarmoqlarda tarqaldi.

“Buloqboshi gulshani” xo‘jaligi rahbari hodisa chog‘ida zo‘ravonlikka uchraganini, hattoki unga qurol o‘qtalganini bildirmoqda. Uning aytishicha, mojaro vaqtida onasi ham jabr ko‘rgan.

Fermer o‘z majburiyatlarini bajarganini, g‘alla hosilini yashirmaganini ta’kidlab, unga nisbatan bosim sun’iy bahonalar bilan uyushtirilganini iddao qilmoqda.

Rishton hokimligi esa fermerlarning davlat oldidagi majburiyatlarini bajarishi zarurligini eslatdi. Hokim voqea tafsilotlari bilan to‘liq tanish emasligini, videolarning hali o‘rganilmaganini aytdi. Shuningdek, yana bir fermer kimyoviy vosita topshirmagani uchun 5 sutkaga qamalgani ham qayd etildi.

Biznes-ombudsman devoni esa fermerlarga nisbatan asossiz tazyiq o‘tkazilishi mumkin emasligini bildirib, tadbirkorlik subyektlarining huquqlari qonunchilik bilan kafolatlanganini eslatdi.

Hodisa hozirda o‘rganilmoqda, yakuniy xulosa tekshiruvlardan so‘ng e’lon qilinadi.