Jamiyat, Yangiliklar

Surxondaryoda maktabga mashina haydab borgan oʻquvchi va uning yaqinlariga chora koʻrildi

Surxondaryoda maktabga mashina haydab borgan oʻquvchi va uning yaqinlariga chora koʻrildi

Surxondaryoda maktabga avtomobil haydab kelgan oʻquvchi, uning otasi va akasiga nisbatan qonunchilikda belgilangan tartibda choralar koʻrildi. Bu haqda Yoʻl harakati xavfsizligi xizmati xabar berdi.

Maʼlum qilinishicha, Termiz shahridagi 11-maktab oʻquvchisi akasining Cobalt mashinasida maktabga kelgan. Uni YPX xodimi toʻxtatganida esa u avtomobildan tushib, voqea joyidan qochib ketgan.

Shundan soʻng oʻquvchining otasiga nisbatan maʼmuriy chora qoʻllanildi, mashina esa jarima maydonchasiga olib ketildi. Shuningdek, haydovchilik guvohnomasisiz mashina boshqargan oʻquvchi va transport vositasi egasi boʻlgan uning akasiga bayonnoma rasmiylashtirilgan.

“Ukamga mashinani doʻkonga chiqib kel deb berganman, u boʻlsa oʻrtoqlari bilan katta yoʻlga chiqqan ekan”, — deya izoh bergan qoidabuzarning akasi.

Eslatib oʻtamiz, bundan avval Sirdaryoda uch nafar oʻsmir boʻlgan Lacetti avtomobili zovurga tushib, yonib ketgan edi. Voqeada 15 yoshli oʻquvchi otasiga tegishli mashinani ruxsatsiz boshqargani oqibatida fojia yuz bergan.