AQSH prezidenti Donald Tramp Isroilni G‘azo sektorida olib borilayotgan harbiy amaliyotlarni darhol tugatishga chaqirdi. U bu qaror garovdagi shaxslarni xavfsiz tarzda ozod qilish uchun sharoit yaratishini ta’kidladi.
Tramp Truth Social tarmog‘idagi murojaatida HAMASning “uzoq muddatli tinchlikka tayyorlik” haqidagi bayonotini tilga olib, Yaqin Sharqda barqarorlikka erishish imkoniyatini qo‘ldan boy bermaslik kerakligini qayd etdi.
“Isroil G‘azodagi hujumlarni darhol to‘xtatishi lozim. Shundagina biz garovdagilarni tez va xavfsiz chiqarib olishimiz mumkin. Bu jarayon hozirda juda xatarli. Gap faqat G‘azo haqida emas, balki butun mintaqada kutilgan tinchlik haqida bormoqda”, — dedi Tramp.
HAMAS siyosiy byurosi rahbari o‘rinbosari Muso Abu Marzuk esa Tramp ilgari surgan rejani bajarish hozirgi sharoitda mushkul ekanini aytdi. Uning fikricha, mazkur tashabbus ko‘plab qo‘shimcha tushuntirish va aniq mexanizmlarni talab qiladi.
Bundan avval HAMAS Trampning taklifiga ko‘ra barcha asirlarni ozod qilishga tayyorligini bildirgan, shuningdek G‘azo sektorini falastinlik texnokratlardan tuzilgan vaqtinchalik boshqaruv organiga topshirishga rozi bo‘lgan edi.
Ma’lumot uchun, 3-oktyabr kuni Tramp agar HAMAS 5-oktyabrgacha uning tinchlik rejasi shartlarini qabul qilmasa, “misli ko‘rilmagan do‘zax” yuz berishini ogohlantirgan edi.
Sizda shikoyat, taklif yoki murojaat bormi? Bizga @demokratuz_aloqabot orqali murojaat qiling!