Sanitariya-epidemiologiya qo‘mitasi bolalar sog‘lig‘ini asrash maqsadida ota-onalarga emlashdan keyingi davrda ehtiyotkorlik choralariga amal qilishni tavsiya etdi.
Mutaxassislarning ta’kidlashicha, emlashdan so‘ng poliklinikada uzoq qolish turli yuqumli kasalliklarni yuqtirish xavfini oshiradi. Shu sababli 30 daqiqa kuzatuv muddatini davolash muassasasi ichida emas, balki tashqarida yoki hovlisida o‘tkazish tavsiya etiladi.
Qo‘mita, shuningdek, bolani qalin kiyintirmaslik, terlamagan holda olib kelish, agar terlagan bo‘lsa, kiyimlarini yechib, teri qotishini kutish lozimligini eslatdi. Emlashdan keyin bolaga sharbat berish tavsiya etilmaydi, chunki bu organizmning vaksinaga moslashish jarayonini sekinlashtiradi.
Emlashdan keyingi 3 kun davomida bolani ko‘p odam to‘planadigan joylarga olib bormaslik, uyga mehmon chaqirmaslik va bog‘chaga 2 kungacha olib bormaslik kerak. Bola o‘zini yaxshi his qilsa, keyin odatdagi tartibga qaytish mumkin.
Qo‘mita, shuningdek, yo‘tal, aksa urish yoki ich ketishi kabi yuqumli kasallik belgilari bor shaxslar bilan muloqotni cheklash zarurligini ta’kidladi.
Sizda shikoyat, taklif yoki murojaat bormi? Bizga @demokratuz_aloqabot orqali murojaat qiling!