Sport

Bahodir Jalolov Rossiyada navbatdagi jangida g‘alaba qozondi

Bahodir Jalolov Rossiyada navbatdagi jangida g‘alaba qozondi

O‘zbekistonlik superog‘ir vazn toifasida faoliyat yuritayotgan bokschi Bahodir Jalolov o‘zining mag‘lubiyatsiz seriyasini davom ettirdi. U 6-oktyabr kuni Rossiyaning Sankt-Peterburg shahrida o‘tkazilgan “IBA Pro 10” musobaqasida mahalliy bokschi Vitaliy Kuduxovga qarshi ringga chiqdi va hakamlar qaroriga ko‘ra g‘alaba qozondi.

Bahs sakkiz raund davom etdi. Jang yakunida barcha hakamlar bir ovozdan o‘zbekistonlik charm qo‘lqop ustasining ustunligini qayd etdi — 77:73, 77:74, 78:72. Jalolov jang davomida ustunlikni o‘z qo‘lida saqlab, aniq zarbalari bilan raqibini faollikka yo‘l qo‘ymadi.

Avvalroq Jalolov Qozog‘istonning Ostona shahrida ukrainalik Igor Shevadzutskiy bilan to‘qnash kelib, hakamlar qaroriga binoan g‘alaba qozongan edi.

Shuningdek, u 26-iyul kuni AQSHning Nyu-York shahrida bo‘lib o‘tishi rejalashtirilgan boks oqshomida italiyalik Janmarko Kardilo bilan jang qilishi kerak edi. Ammo Kardiloning sog‘lig‘i bilan bog‘liq muammolar tufayli bellashuv bekor qilingan edi.

Ma’lumot uchun, Bahodir Jalolov professional ringda 15 ta jang o‘tkazgan bo‘lib, ulardan 14 tasida raqibini nokaut bilan mag‘lub etgan, 1 tasida esa ochkolar hisobiga g‘alaba qozongan.