Jamiyat, Sport

O‘FA 340 ming dollar jarimaga tortildi

O‘FA 340 ming dollar jarimaga tortildi

Osiyo Futbol Konfederatsiyasi (OFK) O‘zbekiston Futbol Assotsiatsiyasini (O‘FA) 340 ming AQSh dollari miqdorida jarimaga tortdi.

Bu qaror O‘zbekiston – Qatar o‘rtasidagi 10-iyun kungi uchrashuvdan so‘ng futbolchilarni BYD avtomobillari bilan mukofotlash epizodiga oid. Uchrashuv yakunida maydonga BYD avtomobillari olib kirilishi OFK tomonidan qoidabuzarlik sifatida baholangan.

OFC tartib-intizom qo‘mitasining ma’lum qilishicha, har bir mezbon jamoa Jahon chempionati saralash o‘yinlari doirasida stadion hududi, maydon ichida va atrofida faqat rasmiy homiy brendlarini aks ettirishi shart. O‘zbekiston tomoni bu talabni buzganligi uchun jarimaga tortilgan.

Ma’lum qilinishicha, mezbon mamlakatlarga har bir saralash o‘yini uchun pul kompensatsiyasi ajratiladi. Biroq O‘zbekiston mazkur homiylik qoidalariga rioya etmagani sababli 340 ming dollar miqdorida jarima to‘lashga majbur bo‘ldi.