Qoraqalpog‘istonda umummilliy “Salomatlik marafoni” start oldi. Tadbir doirasida 13 ta maskanda, jumladan, Qoraqalpog‘iston tibbiyot instituti va 12 ta oilaviy poliklinikada bepul tibbiy ko‘riklar o‘tkazilmoqda.

Marafonda respublika va xorijiy klinikalarning yetakchi mutaxassislari ishtirok etmoqda. Tekshiruv natijalari DMED elektron bazasiga kiritilib, aholining sog‘lig‘ini doimiy kuzatish imkonini bermoqda.

AI TOP-3 CDSS, MuxlisaMED AI va AI Mammo texnologiyalari yordamida tashxis qo‘yish jarayoni tezlashdi. To‘rt kun ichida 12 mingga yaqin fuqaro ko‘rikdan o‘tdi, 1700 nafari chuqurlashtirilgan tahlillarga yo‘naltirildi, 116 kishi esa davolanishga yuborildi.

Marafon doirasida bolalar jarrohligi bo‘limidagi yosh bemorlar bilan uchrashuv o‘tkazildi. Shuningdek, “Oilaviy salomatlik maktabi” va “Salomatlik volontyorlari” loyihalari ishga tushirildi.

Tadbir hududda sog‘lom turmush tarzini targ‘ib etish, tibbiy savodxonlikni oshirish hamda Qoraqalpog‘istonning tibbiy turizm salohiyatini kuchaytirishga xizmat qilmoqda.
Sizda shikoyat, taklif yoki murojaat bormi? Bizga @demokratuz_aloqabot orqali murojaat qiling!