Qirg‘iziston prezidenti Sadir Japarov mamlakatda o‘lim jazosini qaytarish masalasiga izoh berdi. Prezidentning ta’kidlashicha, bu masalani xalqning o‘zi hal qiladi.
Davlat rahbarining nutqini prezident matbuot kotibi Asqat Alagozov e’lon qildi. Japarov ayollar va bolalarga qarshi jinoyatlar soni oshib borayotgani, odatdagi qamoq jazolari jinoyatchilarni to‘xtata olmayotganini bildirdi.
“Biz bu masalani yolg‘iz hal qilmaymiz. Xalq bilan maslahatlashamiz. Masala umumxalq referendumiga qo‘yilishi mumkin. Agar ko‘pchilik qo‘llab-quvvatlasa, Konstitutsiya va qonunlarga o‘zgartirishlar kiritish lozim bo‘ladi”, — dedi Sadir Japarov.
Prezidentning so‘zlariga ko‘ra, o‘lim jazosi korrupsion jinoyatlarga emas, balki faqat shafqatsiz qotillik va pedofiliya kabi og‘ir jinoyatlar uchun qo‘llanishi mumkin.
U sud xatolari yuz berishi ehtimoli haqidagi xavotirlarga javoban, zamonaviy texnologiyalar — videoyozuv va onlayn translyatsiyalar orqali tergov va sud jarayonlarini shaffof o‘tkazish imkoniyati mavjudligini aytdi.
O‘lim jazosini qaytarish haqidagi muhokamalar 17 yoshli Oysuluv Mukashevaning o‘ta shafqatsizlik bilan o‘ldirilgani ortidan kuchaygan. Voqea Qirg‘izistonda keng jamoatchilik noroziligini keltirib chiqargan va ayollar hamda bolalarga qarshi jinoyatlar uchun jazoni og‘irlashtirish talablariga sabab bo‘lgan.

Ma’lumot uchun, Qirg‘izistonda o‘lim jazosiga moratoriy 1998-yildan beri amal qiladi. 2006-yilda u Konstitutsiyadan chiqarilgan va 2007-yilda umrbod qamoq jazosi bilan almashtirilgan.
Sizda shikoyat, taklif yoki murojaat bormi? Bizga @demokratuz_aloqabot orqali murojaat qiling!