Jahon

Prezident Mirziyoyev Gabala sammitida muhim tashabbuslar bilan chiqdi

Prezident Mirziyoyev Gabala sammitida muhim tashabbuslar bilan chiqdi

Prezident Shavkat Mirziyoyev Turkiy davlatlar tashkilotining Gabala sammitida turkiy dunyoning birdamligini mustahkamlash, jahon siyosati, iqtisodiyoti va gumanitar sohadagi rolini oshirishga qaratilgan qator muhim tashabbuslarni ilgari surdi.

Jumladan, davlat rahbari:

mintaqaviy va global xavfsizlik masalalari bo‘yicha yondashuvlarni muvofiqlashtirish maqsadida Samarqandda TDT tashqi ishlar vazirlari va maxsus xizmatlar rahbarlarining birinchi qo‘shma uchrashuvini o‘tkazishni taklif etdi;

Strategik sheriklik, abadiy do‘stlik va qardoshlik to‘g‘risidagi shartnomani tez fursatda qabul qilishni qo‘llab-quvvatladi hamda Turkiy davlatlar tashkilotini 2030-yilgacha rivojlantirish strategiyasini ishlab chiqish tashabbusi bilan chiqdi;

Turkiy davlatlarning iqtisodiy sheriklik bo‘yicha Doimiy kengashini tuzish va uning Loyiha ofisini Toshkentda joylashtirishni taklif etdi;

Yangi iqtisodiy imkoniyatlar makonini shakllantirish maqsadida Turkiy davlatlarning Sanoat alyansi, “Turkiy yashil yo‘laklar” tizimi va “Yashil transformatsiya” konsortsiumini tashkil etish tashabbusini ilgari surdi;

Organik qishloq xo‘jaligi bo‘yicha Ekspertlar guruhini tashkil etish va turkiy organik mahsulotlarning yagona brendini jahon bozoriga olib chiqishni taklif qildi;

O‘rta koridorni rivojlantirish va uni Xitoy – Qirg‘iziston – O‘zbekiston temir yo‘li hamda Transafg‘on yo‘lagi loyihalari bilan bog‘lashni qo‘llab-quvvatladi, bojxona tartibotini raqamlashtirish va tariflarni optimallashtirish muhimligini ta’kidladi;

Turkiy investitsiya jamg‘armasi faoliyatini kengaytirish hamda xalqaro va milliy moliya institutlari bilan hamkorlik dasturini qabul qilishni tavsiya etdi;

Sun’iy intellekt va kreativ iqtisodiyot bo‘yicha “yo‘l xaritasi”ni qabul qilish hamda Turkiy dunyo xalqaro ko‘rgazmasini O‘zbekistonda o‘tkazish g‘oyasini ilgari surdi;

O‘zbekistonda qo‘shma tadqiqotlar va innovatsiyalar maydoniga aylanishi kutilayotgan Turkiy davlatlar xalqaro universiteti tashkil etilishini e’lon qildi;

Ekstremistik va radikal mafkuraga qarshi kurashish bo‘yicha harakatlar rejasi va yoshlarning ekologik savodxonligini oshirish bo‘yicha qo‘shma choralarni ishlab chiqishni taklif etdi;

2026 yilda “Nizomiy Ganjaviy va Alisher Navoiy ijodi – Turkiy dunyo ma’naviy hayotida” mavzusida xalqaro konferensiyani o‘tkazish tashabbusini ilgari surdi.