Qozog‘iston sog‘liqni saqlash vaziri 1-oktyabr kuni voyaga yetmaganlarga nisbatan jinsiy zo‘ravonlik sodir etgan shaxslarga kimyoviy kastratsiya qo‘llash tartibini o‘zgartiruvchi buyruqni imzoladi. Yangi qoidalarga ko‘ra, pedofillar ozodlikka chiqishidan olti oy oldin kastratsiya qilinadi.
Mazkur chora 18 yoshdan oshgan va bolalarning jinsiy daxlsizligiga qarshi jinoyatlar uchun hukm qilingan shaxslarga nisbatan qo‘llanadi. Qaror sud tomonidan qabul qilinadi hamda darhol kuchga kiradi. Jarayon bevosita mahkum jazoni o‘tayotgan muassasada amalga oshiriladi.
Agar jinoyatchi probatsiyada bo‘lsa yoki jarima to‘lash jazosi tayinlangan bo‘lsa, kastratsiya ambulatoriya sharoitida — psixiatriya yordami ko‘rsatuvchi klinikalarda o‘tkaziladi.
Kimyoviy kastratsiya jarayoni ozodlikka chiqishdan 6 oy oldin amalga oshiriladi. Buning uchun qamoqxona ma’muriyati muddat tugashidan 12 oy oldin zarur hujjatlarni to‘plab, sudga yuboradi. Sud esa mahkumning ruhiy holati va jinsiy zo‘ravonlikka moyilligini aniqlash maqsadida sud-psixiatriya ekspertizasini tayinlaydi.
Mazkur o‘zgarishlar allaqachon ruhiy kasallik tashxisi qo‘yilgan, biroq jinoyat uchun javobgarlikni istisno qilmaydigan shaxslarga taalluqli emas. Bunday holatlarda sud boshqa tibbiy choralarni belgilashi mumkin.
Yangi tartib 2025-yil 17-oktyabrdan kuchga kiradi.
Ma’lumot uchun, Qozog‘istonda 2022-yildan boshlab pedofillar elektron bilaguzuk taqa boshlagan. 2024-yilda esa parlamentda voyaga yetmaganlarga nisbatan jinsiy jinoyatlar sodir etgan shaxslarga jarrohlik yo‘li bilan kastratsiya qilish masalasi ham muhokama qilingan edi.
Sizda shikoyat, taklif yoki murojaat bormi? Bizga @demokratuz_aloqabot orqali murojaat qiling!