Ichki ishlar vaziri maslahatchisi Zokirjon Almatov Furqat tumani IIB xodimlari tomonidan maktab direktorining tahqirlanishi holatiga keskin munosabat bildirdi.
Zamon.uz eʼlon qilgan videoda Almatov xodimlar har qanday vaziyatda ham oʻzini tutishni bilishi kerakligini aytdi.
“Bu — haddan oshgan holat. Ichki ishlar xodimi qanchalik og‘ir sharoitda bo‘lmasin, o‘zini ushlashni bilishi zarur. O‘zidan ketgan rahbarni kechirmaymiz”, — dedi u.
Maslahatchi, shuningdek, ichki ishlar tizimi insonlarga g‘amxo‘rlik va yordam ko‘rsatishga xizmat qilishini eslatdi.
“Bizning vazifamiz — odamlarni tarbiyalash, ularga yordam berish. Lekin insonlikdan chiqqanlarga qonun doirasida jazo berish shart”, — deya qo‘shimcha qildi Almatov.
Eslatib o‘tamiz, 2025-yil aprel oyida Farg‘ona viloyati Furqat tumanida maktab direktori Gulira’no Qosimova IIB xodimlari tomonidan tahqirlangan.
Ayolning so‘zlariga ko‘ra, tuman IIB va soliq inspeksiyasi rahbarlari o‘rtasidagi kelishmovchilik sabab u kaltaklangan va jarayon telefon kamerasiga yozib olingan.
Gulira’no Qosimova voqeani jamoatchilikka oshkor etgach, tuman IIB boshlig‘i lavozimidan ozod etilib, unga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Ish hozirda Quva tuman sudida ko‘rib chiqilmoqda.
Senat va Ichki ishlar vazirligi holatni o‘z nazoratiga olganini ma’lum qilgan.
Sizda shikoyat, taklif yoki murojaat bormi? Bizga @demokratuz_aloqabot orqali murojaat qiling!