Saudiya Arabistoni Haj va Umra ishlari vazirligi mamlakatga kirish uchun amal qiluvchi istalgan turdagi viza egalari — jumladan turistik, oilaviy, ishchi va tranzit vizalar bilan — endilikda Umra ziyoratini ado etishlari mumkinligini ma’lum qildi.
Vazirlik bayonotiga ko‘ra, ushbu qaror xorijiy fuqarolar uchun diniy marosimlarni soddalashtirish, ziyorat jarayonlarini yanada qulay qilish hamda diniy turizmni rivojlantirish maqsadida qabul qilingan.
Shuningdek, yangi tartib Saudiya Arabistonining “Vision 2030” milliy strategiyasi doirasida amalga oshirilmoqda. Mazkur strategiya mamlakat iqtisodiyotida turizm sohasining ulushini oshirish, diniy va madaniy yo‘nalishdagi tashriflarni ko‘paytirish orqali iqtisodiy diversifikatsiyani kuchaytirishga qaratilgan.
Saudiya Arabistoni so‘nggi yillarda Umra va Haj xizmatlarini raqamlashtirish, ziyoratchilarga onlayn tarzda viza olish va mehmonxona bron qilish imkoniyatlarini kengaytirish yo‘lida izchil islohotlarni amalga oshirib kelmoqda.
Sizda shikoyat, taklif yoki murojaat bormi? Bizga @demokratuz_aloqabot orqali murojaat qiling!