O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 9-oktyabr kuni Tojikiston prezidenti Emomali Rahmonning taklifiga binoan Dushanbe shahriga amaliy tashrif bilan jo‘nab ketdi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati ma’lum qildi.
Tashrif doirasida Shavkat Mirziyoyev 9–10-oktyabr kunlari Markaziy Osiyo—Rossiya formatidagi ikkinchi sammitda hamda MDH davlat rahbarlari kengashining navbatdagi yig‘ilishida ishtirok etadi.
Uchrashuvlarda mintaqaviy hamkorlikni mustahkamlash, savdo-iqtisodiy aloqalarni kengaytirish va qo‘shma loyihalarni ilgari surish masalalari muhokama qilinadi.
Shuningdek, tomonlar sanoat, energetika, transport va infratuzilma sohalarida hamkorlikni chuqurlashtirish, madaniy-gumanitar almashinuvni rivojlantirish imkoniyatlarini ko‘rib chiqadi.
Davlat rahbarlari xalqaro kun tartibidagi masalalar hamda mintaqada xavfsizlikni ta’minlash yo‘lidagi dolzarb jihatlarni ham muhokama qilishi kutilmoqda.
Sammitlar yakunida o‘zaro hamkorlikni yanada kengaytirishga qaratilgan bir qator qo‘shma hujjatlar va qarorlar imzolanishi rejalashtirilgan.
Sizda shikoyat, taklif yoki murojaat bormi? Bizga @demokratuz_aloqabot orqali murojaat qiling!