Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi Surxondaryo viloyatining Qumqo‘rg‘on tumani hokimi o‘rinbosari Nigora Jumayeva ayollarni majburiy mehnatga jalb qilgani uchun jarimaga tortilganini ma’lum qildi.
Avvalroq ijtimoiy tarmoqlarda hokim o‘rinbosari ayollarni paxta terimiga chiqishga majburlaganini tasdiqlovchi audio tarqalgan edi. Vazirlik o‘rganishlari natijasida bu holatda majburiy mehnatga yo‘l qo‘yilgani aniqlangan.
Nigora Jumayevaga nisbatan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 51-moddasi 1-qismi asosida jarima qo‘llanildi. Mazkur modda bo‘yicha mehnatga ma’muriy tarzda majburlash uchun BHMning 50–100 baravari (20,6 mln — 41,2 mln so‘m) miqdorida jarima belgilangan.
Shuningdek, Buxoro shahar Axborot-kutubxona markazi rahbari N. Aminova ham xuddi shunday qonunbuzarlik uchun javobgarlikka tortildi.
Vazirlik ma’lumotiga ko‘ra, paxta terimi mavsumi davomida hozirga qadar 74 ta mehnat qonunchiligi buzilishi holati aniqlangan, shundan 8 nafar mansabdor shaxs majburiy mehnatga yo‘l qo‘ygani uchun jarimaga tortilgandi.
Sizda shikoyat, taklif yoki murojaat bormi? Bizga @demokratuz_aloqabot orqali murojaat qiling!