Jamiyat

Chinozda yo‘lni to‘sib tartibsizlik uyushtirgan shaxslarga sud hukmi o‘qildi

Chinozda yo‘lni to‘sib tartibsizlik uyushtirgan shaxslarga sud hukmi o‘qildi

Toshkent viloyatining Chinoz tumanida avtomobil yo‘lini to‘sib, tartibsizlik keltirib chiqarmoqchi bo‘lgan ikki shaxs ozodlikdan mahrum etildi.

Oqqo‘rg‘on tuman sudi ma’lumotiga ko‘ra, 1992 yilda tug‘ilgan A.O. ijtimoiy tarmoqlarda fuqarolarni yo‘lni to‘sishga chorlab, 2025 yil mart oyida Toshkent–Termiz yo‘lining Chinoz qismida yuk mashinasi bilan harakatni to‘sishga uringan.

U ommaviy tartibsizlik uyushtirish, haqorat qilish va xavfli materiallarni tarqatishda aybdor deb topilib, 5 yil 6 oyga qamaldi.

Uning sherigi B.Sh. esa shu ishda ishtirok etgani uchun 3 yil 6 oyga ozodlikdan mahrum etildi. Ikkalasi ham jazoni umumiy tartibli koloniyada o‘taydi.

Sud hukmi ustidan belgilangan tartibda Toshkent viloyat sudiga shikoyat kiritish mumkin.

Qonunchilikka ko‘ra, O‘zbekistonda ommaviy tartibsizliklarni tayyorlash yoki moliyalashtirish uchun 5 yildan 7 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi belgilangan.