Jamiyat

Oʻzbekistonda uzoq umr koʻruvchilar soni ortib bormoqda

Oʻzbekistonda uzoq umr koʻruvchilar soni ortib bormoqda

O‘zbekistonda 90 yoshdan oshgan fuqarolar soni yil sayin ko‘paymoqda. 2025-yil boshiga kelib, mamlakatda bunday fuqarolar soni 18,9 ming nafardan oshgan.

Statistik ma’lumotlarga ko‘ra, uzoq umr ko‘ruvchilarning katta qismi shahar hududlarida istiqomat qiladi — ularning 56,5 foizi shahar, 43,5 foizi esa qishloq aholisi.

Ayollar uzoqroq umr ko‘rish bo‘yicha yetakchilik qiladi: uzoq umr ko‘ruvchilarning uchdan ikki qismini ayollar tashkil etadi.

Hududlar kesimida Farg‘ona viloyati (2,5 mingdan ortiq kishi) yetakchilik qilmoqda. Shuningdek, Toshkent shahri, Qashqadaryo, Surxondaryo va Toshkent viloyatlarida ham uzoq umr ko‘ruvchilar soni nisbatan yuqori.

Mutaxassislar prognozlariga ko‘ra, 2030-yilga borib, O‘zbekistonda 90 yoshdan oshgan fuqarolar soni 44 ming nafarga, 2040-yilda esa qariyb 94 ming nafarga yetadi. Bunga 1935–1950-yillarda tug‘ilgan avlodning keksa yoshga kirib borayotgani sabab sifatida keltirilmoqda.

Tadqiqotlar shuni ko‘rsatadiki, uzoq umr ko‘rishga ijtimoiy faollik va irsiy omillar sezilarli ta’sir ko‘rsatadi.

Respondentlarning 76 foizi faol hayot tarzi insonni sog‘lom saqlashga yordam berishini, 38 foizi esa bu jarayonni genetik meros bilan bog‘lashini ta’kidlagan.