Namangan viloyatidan o‘tgan Qamchiq dovonida zamonaviy turizm maskani barpo etilishi rejalashtirilgan. Bu haqda viloyat hokimligi matbuot xizmati xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, loyiha doirasida dovonning Namangan viloyatiga to‘g‘ri keladigan hududida dor yo‘li va dam olish majmuasi quriladi. 90 gektar maydonda amalga oshiriladigan ushbu loyihani Avstriyaning Doppelmayr/Garaventa guruhi bajaradi.
13-oktyabr kuni viloyat hokimi Shavkatjon Abdurazzoqov kompaniya vakillari — Joxannes Triyebnik, Valeriy Yashin va Yevgeniy Kuprin bilan uchrashdi. Uchrashuvda loyiha ahamiyati hamda qurilish obyektlari muhokama qilindi. Loyiha Aisha Group kompaniyasi rahbari Jobirxon Kamalitdinov tomonidan moliyalashtirilmoqda.
Doppelmayr/Garaventa — Avstriya va Shveysariyada tashkil etilgan, kanat yo‘llar, gondolalar va yo‘lovchi tashish tizimlari ishlab chiqarishda yetakchi kompaniyalar guruhidir. Hozirga qadar u dunyoning 96 mamlakatida 15 mingdan ortiq kanat yo‘llarini loyihalashtirgan.
Shuningdek, Namangan viloyatidagi Norin daryosi sohilida ham sayyohlik maskani tashkil etiladi. Bu yerda sport maydonlari, dam olish zonalari, cho‘milish havzalari va kemping joylari barpo etilishi rejalashtirilgan. Joriy yil iyul oyida ushbu 30 gektarlik turistik mega-loyiha taqdimoti o‘tkazilgan va qurilish ishlari boshlangan.
Sizda shikoyat, taklif yoki murojaat bormi? Bizga @demokratuz_aloqabot orqali murojaat qiling!