Toshkent shahri Bektemir tumanida 9-sinf o‘quvchisi bilan 3-sinf o‘quvchisi o‘rtasidagi oddiy so‘z tortishuvi kutilmaganda jiddiy holatga aylandi. Katta sinf o‘quvchisining harakati natijasida kichik bola yiqilib, tan jarohati olgan.
Poytaxt Ichki ishlar bosh boshqarmasi xabariga ko‘ra, voqea yuzasidan Bektemir tumani IIO FMB tomonidan tergovga qadar tekshiruv o‘tkazilmoqda. Holat Toshkent shahar IIBB boshlig‘i tomonidan shaxsan nazoratga olingan.
Ma’lum bo‘lishicha, 4-oktyabr kuni darsdan keyin, soat 16:30 atrofida bolalar mahallada futbol o‘ynash uchun to‘planishgan. Shu paytda 3-sinf o‘quvchisi 9-sinf o‘quvchisini haqorat qilib, velosipedda qochmoqchi bo‘lgan. Bunga javoban yigit velosipedning orqa g‘ildiragiga oyog‘i bilan tepgan va natijada kichik bola yuztuban yiqilib, jarohat olgan.
Tekshiruv davomida voyaga yetmagan S.A.ning onasiga nisbatan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 47-moddasi (bolalarni tarbiyalash va ularga ta’lim berish borasidagi majburiyatlarni bajarmaslik) bilan bayonnoma rasmiylashtirilgan.
IIBB ma’lum qilishicha, holat to‘liq o‘rganilib, qonun doirasida yakuniy qaror qabul qilinadi.
Sizda shikoyat, taklif yoki murojaat bormi? Bizga @demokratuz_aloqabot orqali murojaat qiling!