Yangiliklar

Janubiy Koreyaga mavsumiy ishga yuborish dasturi qayta yo‘lga qo‘yildi

Janubiy Koreyaga mavsumiy ishga yuborish dasturi qayta yo‘lga qo‘yildi

Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi O‘zbekiston fuqarolarini Janubiy Koreyaga mavsumiy ishlarga yuborish dasturi qayta tiklanganini e’lon qildi.

Behzod Musayev boshchiligidagi delegatsiya Koreyaning Gyeongsangnam-do provinsiyasi gubernatori Pak Vansu bilan uchrashuv o‘tkazdi.

Tomonlar E-8 vizasi asosida Toshkent viloyati aholisini Hapchon, Chongnyang okruglari va Miryang shahridagi qishloq xo‘jaligi ishlariga 8 oy muddatga yuborish bo‘yicha kelishuvga erishdi.

Shuningdek, Gyeongsangnam-do provinsiyasi va Migratsiya agentligi o‘rtasida mavsumiy ishchi kuchini jalb etish bo‘yicha hamkorlik kelishuvi imzolandi.

Bu bitim 2025-yil sentyabrida O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi hamda Koreya Adliya vazirligi o‘rtasida E-8 dasturini tiklash borasidagi kelishuvning amaliy davomidir.

Kelgusi yildan boshlab, dastur samaradorligiga qarab, uni boshqa hududlarga ham kengaytirish rejalashtirilgan. Shu bilan birga, noyabr–dekabr oylarida Koreyaning ish beruvchi okruglaridan bo‘sh ish o‘rinlari bo‘yicha talabnomalar qabul qilinadi.